TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatlik xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Malika Qudratxo‘jayeva Xalq deputatlari kengashining sessiyasida poytaxtdagi epidemiologik vaziyat haqida hisobot berdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uchta tumanda karantin qoidalariga mas’uliyatsizlik bilan yondoshish kasallikning keng tarqalishiga olib kelgan. 16-martdan Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlaridagi barcha umumta’lim maktablarida onlayn o‘qitish tashkil etilgan.
Xususan, 10-mart kuni Yunusobod tumanida joylashgan bolalar (yoki ta’lim) muassasasi tarbiyachisi R. M.da koronavirus aniqlangan. Epidemiologik surishtiruvga ko‘ra, tarbiyachi xonadonida koronavirus bilan kasallangan bemor bo‘lishiga qaramasdan, u karantinga rioya etmasdan ish joyiga borib ishlagan. 11-mart kuni tarbiyachi va tarbiyalanuvchilari koronavirusga test topshirgan. 13-mart kuni 2 nafar tarbiyachi, shifokor va 1 nafar tarbiyalanuvchida COVID-19 aniqlangan. Hozirda bu ishni Toshkent shahar prokuraturasi nazoratga olgan.
Bundan tashqari, 5-mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ta’lim muassasasi tarbiyachisi M. M.ning qaynotasi koronavirus bilan kasalxonaga yotqizilgan va 7-mart kuni vafot etgan. 9-mart kuni janoza paytida mazkur ta’lim muassasasining bir necha xodimlari ishtirok etgan va bu bilan muassasa tarbiyalanuvchilarining sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ygan.
Olmazor tumanida joylashgan oliy ta’lim muassasasiga qarashli yotoqxonada ham 3 nafar talabada bir necha kundan buyon tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i va holsizlik belgilari bo‘lgan. Shu bois talabalardan 11-mart kuni koronavirusga test olingan. 13-mart kuni tegishli fakultetida kasallik alomati mavjud bo‘lmagan 4 nafar talabasida kasallik aniqlangan.