TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Hukumat qarori bilan Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasini oshirish va baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasi belgilangan minimal talablar asosida baholanadi.
Bunda xodimlar Davlat xizmatining yagona elektron-axborot tahlil tizimidagi “Davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazish moduli” – maxsus test tizimida onlayn test sinovidan o‘tkaziladi.
Baholash har 3-yilda bir marta Adliya vazirligi tomonidan tegishli davlat tashkiloti bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan reja-grafik asosida tashkil etiladi.
Davlat tashkilotlariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslar ishga qabul qilingan kundan boshlab 12 oy o‘tgach tegishli tartibda baholashdan o‘tkaziladi.
Har bir xodim tomonidan 40 ta test savoli bajarilib, baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan davlat tashkilotlari xodimlarining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda QR kod orqali tasdiqlangan ma’lumot baholash natijalari chiqishi bilan darhol yuboriladi.
Yuqori natijani qayd etgan davlat tashkilotlarining ijobiy tajribalarini boshqa davlat tashkilotlari faoliyatiga tatbiq etish choralari ko‘riladi. Adliya vazirligi tomonidan baholash natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hamda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga baholash o‘tkazilgan yilning yakunlari bo‘yicha tahliliy ma’lumot kiritib boriladi.