Toshkentda karantin talablariga rioya qilinishi qat’iy nazoratga olinadi

Poytaxtda amaldagi karantin talablari va sanitar-gigiyena tartib qoidalariga aholi tomonidan to‘liq rioya etilishi nazorat qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Toshkentda karantin talablariga rioya qilinishii qat’iy nazoratga olinadi. Bu haqda Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha maxsus yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Toshkent shahar shtabi rahbari, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda hokim o‘rinbosarlari, shahar sektor rahbarlari, tuman hokimlari va boshqarmalar rahbarlaridan iborat shtab a’zolari qatnashdi.
Yig‘ilishda so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari ortayotganligi yuzasidan Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi hamda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining axboroti tinglandi.
O‘zbekistonda 100 dan ziyod kovid bilan kasallanish holati aniqlandi: Toshkent yana yetakchi
Shuningdek, mavjud vaziyatni nazoratga olish, shaharning barcha tumanlari, mahallalari, ish joylari va ta’lim maskanlari, shuningdek, aholi ko‘p to‘planadigan bozorlar va savdo markazlari, jamoat transportlarida amaldagi karantin tartib-qoidalariga to‘liq rioya qilinishini ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Poytaxt hududida koronavirus infeksiyasining keng tarqalishini oldini olish hamda amaldagi karantin talablari va sanitar-gigiyena tartib qoidalariga aholi tomonidan to‘liq rioya etilishini nazoratga olish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.