Rossiyada o‘z ishidan eng mamnun kasb egalari aniqlandi

Qo‘riqlash xizmati, transport va savdo sohalarida esa o‘z ishidan norozilar soni eng ko‘p uchrar ekan.
Sputnik
TOShKENT, 15 mar – Sputnik. Rossiyaning "Rabota.ru" ish qidirish portali o‘z ishidan eng mamnun va eng norozi kasb egalarini aniqladi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
2021 yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan so‘rovda Rossiyaning barcha hududlaridan 5,5 ming kishi ishtirok etgan. Umuman olganda rossiyaliklarning 46% o‘zlarining hozirgi ishidan mamnun ekanini qayd etishgan.
So‘rovda ma’lum bo‘lishicha o‘z kasbidan mamnun bo‘lgan fuqarolar eng ko‘p axborot texnologiyalari, ommaviy ovqatlanish va tibbiyot sohasida faoliyat yuritar ekan.
“Eng mamnun kasb egalari – IT sohasida - 60%, restoran va kafelar sohasida – 52%, tibbiyot sohasida – 50%”, - deyilgan xabarda.
Undan tashqari, bank va sarmoyalar hamda ta’lim sohasida – 49%, marketing va reklama sohasida – 48%, ishlab chiqarishda – 45% xodimlar o‘z ishidan mamnun ekanliklari aniqlangan.
Moskvada eng ko‘p haq to‘lanadigan ish o‘rinlari aytildi
Qo‘riqlash, transport va savdo sohalarida esa – o‘z ishidan norozilar soni nisbatan ko‘p uchrar ekan.
Xususan, so‘rovda qo‘riqlash sohasida 43 %, transport sohasida – 41% va savdo sohasida – atigi 39% kishilar o‘z ishidan mamnun ekanliklarini bildirishgan.
So‘rovda norozilik bildirganlarning aksariyati - 77% o‘z maoshlaridan norozi ekanliklarini bildirishgan, uchdan biri – mehnat sharoitlaridan va 25 % - boshliqlar menosabatidan norozi ekanliklarini bildirishgan.
Shuningdek mehnat jadvalidan norozilar soni - 22%, ishxona manzilidan norozilar – 19% va ish jamoalaridan norozilar soni – 5%ni tashkil etgan.