TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘tgan kuni O‘zbekistonda yana 111 kishida koronavirus aniqlandi. Jami bemorlar soni 80678 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilmoqda
Yangi kasallanganlarning 4 nafari Andijon viloyatida, 1 nafari Buxoro viloyatida, 1 nafari Surxondaryo viloyatida, 12 nafari Toshkent viloyatida, 93 nafari Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Respublikada sog‘ayganlar jami 79331 nafarga yetgan va sog‘ayish ko‘rsatkichi 99 foizni tashkil qilmoqda.
Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 725 nafar bemordan 141 nafari og‘ir, 23 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
Eslatib o‘tamiz, bundan roppa-rosa bir yil avval O‘zbekistonda ilk marta koronavirus bilan kasallanish holati qayd etilgan edi. Koronavirus Fransiyadan kelgan fuqaroda aniqlangan edi.