Ehtiyojmand aholiga davlat hisobidan yer ajratiladi

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarga yer ajratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 15 mar — Sputnik. “Qishloq xo‘jaligida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida muhokamaga qo‘yildi.
Hujjat “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni ajratib berish munosabatlarini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
“Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan joylarda aholini, eng avvalo “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bandligini ta’minlash mushkul kechmoqda, mehnat migratsiyasining geografiyasi tobora kengaymoqda. Davlat tashkilotlari va idoralari, yengil sanoat sohasidagi tadbirkorlik subyektlaridagi mavjud ish o‘rinlarida ishsiz va mehnatga layoqatli fuqarolarning bandligini to‘liq qamrab olishga imkoniyati mavjud emas”, - deyilgan hujjatda.
Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan mehnatga layoqatli fuqarolar, ishsiz yoshlarga davlat va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlaridan 0,1 gektardan 1 gektargacha yer uchastkalarini berish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullash qayd etilgan.
“hududlarda aholining soni va zichligini inobatga olgan holda, aholiga yangi o‘zlashtirilgan, lalmi hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlari oilali va qishloq joylarda kamida uch yil mobaynida yashab turgan ehtiyojmand oilalarga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi sug‘oriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha o‘lchamda, cho‘l va sahro mintaqasida esa sug‘orilmaydigan yaylovlardan 1 gektargacha o‘lchamda belgilangan tartibda beriladi”, - deyilgan loyihada.