TOShKENT, 15 mar — Sputnik. MOQda terma jamoalarni Tokio Olimpiadasi va boshqa yirik musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar rahbariyati ishtirokida tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
ZOOM platformasida o‘tgan tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov va barcha federatsiyalar rahbariyati ishtirok etishdi. Uchrashuv avvalida MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Abdushukur Sadikov epidemiologik vaziyat haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Co‘ngi 10 kun davomida epidemiologik vaziyat keskinlashmoqda va kunlik ko‘rsatkichlar o‘sib borapti. Bu holat avvaldan taxmin qilingan edi. Shu bois o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazayotgan federatsiyalarimizdan sportchilarimizning barcha qoidalarga qat’iy rioya qilishlarini nazoratga olishni so‘rab qolamiz. Avvalgi to‘lqinda virusning yashirin va yengil ko‘rinishini boshimizdan o‘tkazdik. Unda infeksiya 10-15 kun ichida o‘pkaga o‘tib ketishi aniqlanayotgan edi. Afsuski, hozir tarqalayotgan shtammda bu holat uzog‘i 1 hafta ichida namoyon bo‘lmoqda. Shuning uchun ehtiyotkorlikni doimgidan ham kuchaytirishni so‘rab qolamiz. Biz tez fursatda sportchilarimizdan qayta test olish jarayonini boshlaymiz”, – dedi A.Sadikov.
Oybek Kasimov sportchilarni vaksinatsiya qilish borasida berilgan savolga quyidagicha javob berdi:
“Sportchilarimizni vaksinatsiya qilishni o‘zimiz hal qila olmaymiz. Bu borada Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga rasmiy murojaatnoma jo‘natamiz. XOQ ushbu masala yuzasidan o‘z tavsiyalarini bergach shu asosda hukumatimiz va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan maslahatlashib, sportchilarimizni emlash amalga oshiriladi. Shu bois yurtimizda aholini koronavirusga qarshi emlash boshlangan payt ro‘yxatda atletlarimiz bo‘lmasligi mumkin. Biz bu masalada XOQ yo‘riqnomasini inobatga olishimiz shart”, – dedi MOQ Bosh kotibi.
Onlayn yig‘ilishda Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgan va litsenziya olishi kutilayotgan asosiy sportchilarda koronavirusga qarshi antitanachalar bor-yo‘qligi, ularning immun tizimi qay holatda ekanligini aniqlab beruvchi tahlillar olinishi ham ta’kidlandi.
Endilikda barcha terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari avvalgidek qattiq nazorat ostiga olinadi. Bazada yashaydigan farrosh va oshpazlardan tortib, sportchi va murabbiylarning tashqi kontaktdan saqlanishi ta’minlanadi.