O‘zbekiston va YeOII

Qirg‘izistonning YeOIIdagi imtiyozlari O‘zbekiston uchun qanday foydali bo‘lishi mumkin?

O‘zbekiston Qirg‘izistonning YeOII imtiyozlaridan foydalanib, uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqishni mo‘ljallamoqda - O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov.
Sputnik
TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston Qirg‘izistonning YeOII imtiyozlaridan foydalanib, uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqishni mo‘ljallamoqda, dedi O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov.
Payshanba kuni Toshkentda o‘zbek-qirg‘iz biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 11-12 mart kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi.
"Biz hammamiz bilamizki, Qirg‘iziston - JST, YeOII a’zosi. Qirg‘iziston tashqi bozorga chiqishning bir qator afzalliklariga ega. Biz ushbu bozorlarga birgalikda chiqish uchun kuchlarni birlashtirishimiz kerak", - dedi Umurzoqov o‘z nutqida.
O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari ta’kidlashicha, koronavirus pandemiyasi tufayli jahon savdosining pasayishi fonida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi, aksincha, oshdi.
"Hozir prezidentlar yangi ulkan vazifani qo‘ymoqdalar. Biz savdo aylanmasini bir milliardga, ​​so‘ngra ikki milliard dollarga yetkazishimiz kerak. O‘ylaymanki, bu amalga oshirish mumkin bo‘lgan vazifa", - dedi Umurzoqov.
Qirg‘iziston bosh vazirining o‘rinbosari, moliya va iqtisodiyot vaziri Ulukbek Karmishakov o‘zbekistonlik tadbirkorlarga "Qirg‘izistonning YeOIIga a’zoligidan foydalanib, uning ulkan bozorini birgalikda o‘zlashtirishni" taklif qildi.
"Men ustuvor yo‘nalishlar - tikuv sanoati, qishloq xo‘jaligini qayta ishlash, turizm, mashinasozlik va tibbiyotga investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqiraman, bu yerda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi", - deb qo‘shimcha qildi Karmishakov.
O‘zbekiston tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2020-yil oxiriga kelib 10 foizga o‘sib, 903,1 million dollarga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokidagi 183ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda YeOII a’zolari - Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston.
Kuzatuvchi-davlatlar - O‘zbekiston, Moldova va Kuba.