TOShKENT, 10 mar – Sputnik. Haj mavsumi boshlangani haqidagi xabarlar rasmiy asosga ega emas, deyiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bayonotida.
So‘nggi kunlarda internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida 2021-yilgi Haj mavsumini tashkil etilishi bilan bog‘liq turli xabarlar tarqalmoqda.
O‘z navbatida, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga OAV vakillari va fuqarolar tomonidan mazkur masalaga oydinlik kiritish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmoqda.
Aniqlik kiritilishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Saudiya Arabistoni rasmiylari hamda Haj va Umra ishlari bo‘yicha Attashe bilan mazkur masalada muntazam aloqa o‘rnatgan.
Shundan kelib chiqib, quyidagilar ma’lum qilinmoqda:
"Ijtimoiy tarmoqlarda "Muqaddas Xaj Safariga rasman ruxsat berildi. Faqatgina xaj safariga bormoqchi bo‘lganlar koronavirusga vaksina qabul qilgan bo‘lishlari shart" va boshqa shu kabi sarlavhalar ostida tarqatilayotgan xabarlar hech qanday rasmiy asosga ega emas", - deyiladi xabarda.
Bu kabi xabarlarning tarqalishi va turlicha talqin qilinishi – Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirining "Haj mavsumi ziyoratchilarini qabul qilishning asosiy sharti – "COVID-19" ga qarshi emlangani bo‘ladi", mazmunidagi intervyusiga asoslangan.
Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan hozirga qadar hech qanday rasmiy qaror e’lon qilinmagan.
Haj va umra ziyoratlari bilan bog‘liq asosli ma’lumotlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali e’lon qilinadi.