TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Andijon viloyati Xonobod shahrida O‘zbekiston so‘ljon (chuvalchang) boquvchilar birlashmasini tuzish bo‘yicha ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zA xabariga ko‘ra, mamlakatda kaliforniya chuvalchanglarini boqish, bu orqali yer uchun eng foydali tabiiy o‘g‘it – gumus ishlab chiqarish o‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida Andijon viloyati Xonobod shahridagi “Do‘stlik” jamoa xo‘jaligida tadbirkor Rustamjon Usmonov tomonidan boshlangan.
Hozirda respublikaning turli hududlarida chuvalchang boqish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bo‘lsa-da, ular tarqoq hamda har kim o‘z bilganicha ish yuritib kelmoqda.
Qishloq xo‘jaligi rivojiga, hosildorlikni ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etuvchi biogumus ishlab chiqarishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish, chuvalchang boquvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga uslubiy va amaliy yordamlar ko‘rsatish maqsadida tadbirkor Rustamjon Usmonov tashabbusi bilan “Biogumus” O‘zbekiston so‘ljon (chuvalchang) boquvchilar birlashmasini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan ta’sis yig‘ilishida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida chuvalchang boqish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Maqsadimiz, chuvalchang boquvchilarga ilmiy, moliyaviy va amaliy yordam ko‘rsatish. Ilmiy asosda toza va sof biogumus mahsuloti hamda biomassa yetishtirish orqali ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tabiiy sof qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga yordam berish. Qolaversa, biogumus mahsulotini eksport qilishni yo‘lga qo‘yishdir.
Yig‘ilishda chuvalchang boqish orqali biogumus tayyorlanishi, bu qishloq xo‘jaligi rivojida muhim ahamiyat kasb etishi, qolaversa, mazkur faoliyat katta daromad manbai ekanligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda uyushma nizomi tasdiqlandi, kuzatuv kengashi va ijro organi rahbar va a’zolari saylandi, birlashmani tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yomg‘ir chuvalchanglari yerniig meliorativ holatini, hosildorligini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qadimdan ma’lum. Chuvalchanglarning tuproq unumdorligini oshirishdagi rolini dastlab ingliz tabiatshunos olimi Gilbert Uayt aniqlagan va bu borada qator tadqiqotlar olib borgan.
XX asr o‘rtalariga kelib odamlar ulardan amalda foydalana boshlagan. Yomg‘ir chuvalchanglarini sun’iy ko‘paytirishga ixtisoslashgan dastlabki xo‘jaliklar Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda AQShda yuzaga kelgan. Biroq bu xo‘jaliklarda chuvalchanglar gumus uchun emas, balki baliq ovlash uchun xo‘rak sifatida ko‘paytirilar edi. Faqat oradan o‘n yil o‘tib, 50-yillarniig o‘rtasida AQShda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibida nitratlar miqdorining oshib ketishi muammosi yuzaga kelgan bir vaqtda olimlar biogumusni sun’iy ishlab chiqarish xususida amaliy ishlarni boshlagan.