O‘zbekiston va Turkiya TIV rahbarlari uchrashdi: tomonlar nimalarga kelishib oldi

Uchrashuvda O‘zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish xamda Xo‘ja Bayram Vali nomidagi universitet bilan birgalikda Farg‘ona oliy turizm maktabini tashkil etish muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Toshkent shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning turkiyalik hamkasbi Mevlut Chavusho‘g‘lu bilan uchrashuvi hamda ikki mamlakat TIV rahbarlari boshchiligida Strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga, xususan, oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish va hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi aloqalarni yanada faollashtirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi ma’lum qilindi.
“Ilmiy-ta’lim sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalalariga, jumladan, O‘zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish, shuningdek Xo‘ja Bayram Vali nomidagi universitet bilan birgalikda Farg‘ona oliy turizm maktabini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi”, - deyilgan xabarda.
Turkiya tomoni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya, “Sharq taronalari”, baxshichilik san’ati, hunarmandlar xalqaro festivallari va boshqa tadbirlarga taklif qilindi.
Samarqandda Turkiyaning bosh konsulxonasi ochildi
Shuningdek, tadbirda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Strategik rejalashtirish guruhi yig‘ilishi yakunlangach, Kamilov va Chavusho‘g‘li O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va Tarjima xizmatlari sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu boshchiligidagi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Turkiya delegatsiyasi Xiva, Buxoro va Samarqandda bo‘ldi va Samarqanddagi Turkiyaning bosh konsulxonasi ochilish marosimida ishtirok etdi.