TOShKENT, 9 mar - Sputnik. Koronavirusga qarshi Pfizer preparati 5-8 mart sanalari oralig‘ida Yaponiyada sakkiz kishida anafilaksiya (allergik reaksiya)ni keltirib chiqardi, deb xabar bermoqda RIA Novosti mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayangan holda.
Ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan sakkiz nafar ayol vaksinatsiyadan so‘ng 5 daqiqadan to 30 daqiqagacha bo‘lgan muddatda xuruj (pristup)ni boshdan kechirishgan.
Ularda nafas olishning qiyinlashishi, shish holatlari, shuningdek, qon bosimining pasayishi holatlari kuzatilgan. Shifokorlar bu pristuplarni darhol to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganlar.
Yaponiyada COVID-19ga qarshi vaksinatsiya ishlari 17-fevral kunidan yuzta tibbiyot markazlarida start olgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 70,7 ming nafar tibbiyot ishchilari vaksinatsiya qilingan.
Sal avval Sputnik radiosi Avstriyada AstraZeneca tomonidan ishlab chiqarilgan preparatlar bilan vaksinalashni ayol kishining o‘limidan keyin to‘xtatishgani haqida xabar bergan edi.