TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “OBOD SAVDO BIZNES” MChJga qarashli ixtisoslashtirilgan so‘yish korxonasi mas’ullarini ogohlantirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu MChJga qarashli so‘yish korxonasi tomonidan ariqdagi oqova suvga chiqindilar oqizilayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi.
Qo‘mita mas’ullari hodisani joyiga borib o‘rganishgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu so‘yish korxonasida veterinariya-sanitariya qoidalari va meyorlari buzilganligi, ya’ni kushxonadan chiqqan chiqindilar haqiqatdan ham ariqqa oqizilayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan kamchiliklarni 5 kun muddat ichida zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha veterinariya mutaxassislari tomonidan zarur ko‘rsatmalar berilgan va ogohlantirish xati yuborilgan.