Kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi – mutaxassis izohi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov emlashga oid muhim savollarga javob berdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 mar — Sputnik. COVID-19ga qarshi kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi, emlangandan keyingi asoratlar bo‘lishi mumkinmi? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov shu kabi muhim savollarga javob berdi.
Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi.
- OIV infeksiyasiga yoki autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan shaxslarni, homiladorlarni, emizikli ayollarni va 18 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlamini emlash tavsiya etilmaydi.
Har qanday holatda ham emlash to‘g‘risidagi qaror tibbiy ko‘rik natijasida qabul qilinadi.
Mabodo emlashga mone’lik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy ko‘rik o‘tkazayotgan shifokor, albatta, unga e’tibor qaratadi.
— Koronavirus bilan kasallangan shaxslar bilan yaqin aloqada bo‘lganlarni emlash mumkinmi? Buni qayerda va qanday amalga oshirish mumkin?
— Koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxslar karantin (14 kun) tugaganidan keyin, shifokor ko‘rigidan so‘ng emlanadi.
— Emlangandan keyingi asoratlarning oldini olish borasida qanday ishlar qilinyapti?
— Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi. Keyinchalik uch kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularning sog‘lig‘i, ahvoli ko‘zdan kechirilib, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiriladi.
Barcha emlash maskanlarida mutaxassislar (vaksinatorlar), asbob-anjomlar va birinchi tibbiy yordam uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar zaxirasi yaratiladi. Emlash mutaxassislari emlashdan keyingi salbiy reaksiyalarni aniqlash va lozim bo‘lgan taqdirda tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. COVID-19ga qarshi emlanish bilan bog‘liq allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari ham jalb etiladi. Yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, fuqarolar emlanishdan oldin, albatta, tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu kutilmagan asoratlarning oldini olishga zamin yaratadi. 
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda emlash jarayonlarini mart oyida boshlash rejalashtirilgan. Birinchi navbatda to‘rt milliondan ziyod O‘zbekiston aholisi koronavirusga qarshi bepul emlanadi va ularning ro‘yxati tuzilgan. Avvalroq innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova aholini koronavirusga qarshi emlashda Rossiyaning “Sputnik V” va “ZF-UZ-VAC 2001” Xitoy-O‘zbekiston vaksinasidan foydalanish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.