DXXdagi vakant joyni 5 ming $ga pullayotgan uddaburro shaxs qo‘lga olindi

Jinoyatchi katta leytenant unvonidagi DXX formasida arizachidan kelishilgan 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda, operatsiya ishtirokchilari tomonidan ushlangan
Sputnik
TOShKENT, 6 mar - Sputnik. Toshkent shahrida DXXga ishga kirgizib qo‘yish uchun fuqarodan 5 000 dollar talab qilgan shaxs daliliy ashyolar bilan ushlandi, deb xabar bermoqda IIBB axborot-xizmati.
DXX O‘zbekiston bo‘ylab bir nechta amaldorlarni "halollik vaksinasi" bilan emladi
Xabarda aytilishicha, Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro X.N. 3-mart kuni viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada, o‘zini "DXX Toshkent shahar boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i" deb tanishtirgan shaxs o‘g‘lini DXX harbiy qismlaridan biriga ishga kiritib qo‘yish uchun 5 ming AQSh dollari talab qilayotganligini ma’lum qilib, qonuniy chora ko‘rishini so‘ragan.
Mazkur murojaatga asosan, Toshkent viloyati IIBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish va O‘z xavfsizlik boshqarmasi viloyat bo‘limi xodimlari va DXX xodimlari hamkorligida Chirchiq shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
"DXX Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i" deb tanishtirgan E.M. katta leytenant unvonidagi DXX formasida arizachidan kelishilgan 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtda, operatsiya ishtirokchilari tomonidan ushlangan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
O‘tkazilgan suhbat davomida ushbu shaxs – Surxondaryo viloyatida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan E.M. hech bir davlat organi yoki boshqa tashkilotda ishlamasligi, shuningdek, avvalroq DXXga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘taganligi aniqlangan.
Ushlangan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.