“RT” xabariga ko‘ra, qiziq holat 19-fevral kuni Amerikaning “Layer Origin Nutrition” oziq-ovqat qo‘shimchalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyasi xodimlari bilan ro‘y bergan.
Xodimlarning Zoom᾽dagi uchrashuvi odatdagidek bo‘lib o‘tayotgan edi, biroq ulardan birining qisqa muddatga kompyuterdan uzoqlashishiga to‘g‘ri keldi. Hamkasblar usiz suhbatni davom ettirishayotgan vaqtda ekranda kutilmaganda kichkina qizaloq paydo bo‘lib, otasining hamkasblari bilan suhbatlasha boshladi.
Kattalar xursand bo‘lib kichkintoy bilan salomlashishdi, u esa ularga o‘zi chizgan suratni ko‘rsatdi. Qizaloq suratda otasi Superboulga (har yili bir marta o‘tkaziladigan Amerika futboli bo‘yicha asosiy o‘yin) ko‘p pul sarflagani uchun onasi uni koyiyotganini tasvirlaganini hikoya qilib beradi.
Shu payt qizaloqning otasi qaytib kelib, o‘z o‘rniga o‘tiradi. Videoda erkak nima sababdan hamkasblari kulayotganini uzoq anglamay turganini ko‘rish mumkin.