TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekistonda Rossiya Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati hamda Ko‘p funksiyali migratsiya markazlarining vakolatxonasi mart oyida ochilishi mumkin. Bu haqida O‘zbekiston Mehnat vaziri o‘rinbosari Erkin Muhitdinov RIA Novostiga xabar qildi.
"Rossiya IIVning pasport-viza xizmati xodimlari allaqachon shu yerda. Hozir ushbu vakolatxona ochishning ayrim qonuniy masalalari hal qilinmoqda. Bizning rejamiz bo‘yicha ushbu ishlar mart oyida tugatilishi kerak", - dedi Muhitdinov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Rossiya tomon pasport-viza qonunchiligining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish kiritishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning dekabr oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya IIV huzuridagi "Pasport-viza xizmati" Federal davlat unitar korxonasi hamda "Moskva ko‘pfunksiyali migratsiya markazi" bilan bilan shartnoma imzolagan edi. Ushbu shartnoma O‘zbekistonda Rossiya migratsiya markazlari vakolatxonalari ochishni nazarda tutadi.
Ayni damda O‘zbekistonda Moskva viloyati Saxarovo qishlog‘ida joylashgan "Moskva ko‘pfunksiyali migratsiya markazi"ning vakolatxonasi ishga tushishga tayyor. U yerda O‘zbekiston fuqarolari Moskvada ishlash uchun patent olishlari mumkin.
"Ushbu vakolatxonani rasman ochish uchun biz 16-18 mart kunlari Moskvadan delegatsiya kelishini kutmoqdamiz", - dedi vazir o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun, ayni damda Rossiya IIV mehnat migrantlari faoliyatiga doir yangi qonun ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, Rossiyaga mehnat qilish uchun kelayotgan fuqarolar daktiloskopiya va tibbiy ko‘rikni Rossiyaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun Rossiya eng ommaviy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasida bo‘lgan 1,6 million O‘zbekiston fuqarolarining 1,1 million Rossiyada mehnat qilmoqda.