TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh ayollarni faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotladi.
Ular mamlakatda olib borilayotgan tub islohotlarda faol qatnashib, yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotganlari uchun ushbu mukofotlarga loyiq ko‘rilgan.
“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Farida Abdurahimova, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Oral Ataniyazova taqdirlangan.
"Saodat" jurnali bosh muharriri Munavvarxon Usmonova "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
To‘rt kishi "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlangan. Ular orasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Gavhar Zokirova ham bor.
24 kishi "Mehnat shuhrati" ordeniga loyiq ko‘rilgan. Ular orasida To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamova ham bor.
"Do‘stlik" ordeniga 31 kishi munosib ko‘rilgan. Taqdirlanganlar orasida O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Lola Eltayeva ham bor.
7 kishi II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni, yana 7 kishi II darajali "Salomatlik" ordeni, 4 kishi "Sog‘lom turmush" medali, 4 kishi "Sodiq xizmatlari uchun" medali, 9 kishi "Kelajak bunyodkori" medali bilan, 33 kishi "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.
Quyida taqdirlanganlarning to‘liq ro‘yxati bilan tanishish mumkin.