TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekiston bosh konsuli Valijon Niyozxo‘jayev Rossiya IIV Moskva shahar bosh boshqarmasining Moskva viloyati, Podolsk shahrida joylashgan Chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazida bo‘ldi.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, markaz rahbari Aleksey Lagoda respublika tomonidan chet elda bo‘lib turgan va og‘ir ahvolda qolgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
U elchixonaga Markazda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot taqdim qilib turish, ularning huquqlari buzilishining oldini olish va mavjud muammolarga o‘z vaqtida javob topishga tayyorligini bildirdi.
Bosh konsul ushbu muassasada bo‘lib turgan 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan suhbatlashdi. Ular uchun yaratilgan sharoit (sport zali va futbol maydonchasi, kutubxona), tibbiy ko‘rik, oziq-ovqat bilan o‘z vaqtida ta’minlanish masalalarini o‘rgandi.
Vatandoshlar bilan uchrashuv yakunida elchixona konsullik bo‘limi tomonidan ularning Vatanga qaytish, huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq sertifikat va boshqa muhim hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini bildirildi.