TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi neft va neft mahsulotlarini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) chegarasidan tashqariga olib chiqishni taqiqladi. Bu haqda respublika hukumati matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“Neft va neft mahsulotlarini Qirg‘iz Respublikasidan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi chegarasidan tashqariga olib chiqishga (eksport qilish) vaqtincha taqiq joriy etilgan”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror neft va neft mahsulotlari ichki bozorida keskin yetishmaslikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilingan va uni mamlakat bosh vaziri Ulukbek Maripov imzolagan.
Tegishli mutasaddilarga neft mahsulotlarining noqonuniy olib chiqilishining oldini olish mas’ulyati yuklatilgan.
Qaror jismoniy shaxslar Qirg‘iziston hududidan shaxsiy foydalanish uchun transport vositasida bakida olib chiqayotgan neft mahsulotlariga amal qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston YeOIIga a’zodir. O‘zbekiston, Moldova va Kuba esa kuzatuvchi.