O‘zbekiston va Rossiya mehnat migratsiyasi hajmini qanday tiklaydi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Rossiya va O‘zbekiston mehnat migratsiyasidagi o‘zaro hamkorlikni epidemiologik cheklovlar yengillashishiga qarab tiklashini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston mehnat migratsiyasidagi o‘zaro hamkorlikni epidemiologik cheklovlar yengillashishiga qarab tiklaydi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulaziz Kamilov bilan muzokaralar yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
O‘zbekiston TIV rahbari Rossiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
“Biz mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligimizning epidemiologik cheklovlar yengillashishiga qarab tiklanishi va avvalgi hajmiga  erishilishi haqida ham suhbatlashdik. Bu borada tegishli xizmatlar xatti-harakatlarini muvofiqlashtirishga imkon beruvchi aniq kelishuvlar bor”, - dedi Lavrov.
U yaqinda Rossiyada fuqarolari mehnat qilayotgan barcha mamlakatlar uchun yagona algoritm qabul qilingani eslatib o‘tdi. Rossiyalik vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu algoritm “tegishli kompaniya tomonidan ariza, ish beruvchining arizasini” nazarda tutadi.
O‘zbekiston va Rossiya mehnat migratsiyasi masalalarini muhokama qildi
Eslatib o‘tamiz, koronavirus sabab Rossiyaning ko‘plab ish beruvchi korxonalari vakillari O‘zbekistonning turli hududlarida bo‘lib, fuqarolar bilan suhbat o‘tkazmoqda. Suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda turli Rossiyadagi qurilish obyektlarida ishlashga jo‘nab ketmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-fevral oylarida Rossiyaga 3209 nafar fuqaro vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillashtirilgan holda yuborilgan.