TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Tojikistonning Qubodiyon tumanida zamonaviy tibbiyot majmuasi qurilishi yakunlandi.
Ma’lumki, muassasa O‘zbekiston taqdim etgan mablag‘lar hisobiga qad rostlagan. “O‘zbekneftegaz” AJ kompaniyasi qurilishning asosiy homiysi bo‘lgan.
Tibbiyot muassasasiga kerakli mebel va zamonaviy asbob-uskunalar keltirilgan. Majmuaning asosiy xususiyati koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun nodir korpusga egaligi. O‘zbekiston hukumati Tojikiston iltimosiga ko‘ra majmuada qo‘shimcha ravishda koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazini ham qurib bergan.
Bu yerdagi jihozlar insonda koronavirus infeksiyasi bor-yo‘qligini qisqa vaqt ichida aniqlash va infeksiya aniqlangan bemorlarni malakali yordam olish uchun zudlik bilan hudud va poytaxtdagi shifoxonalarga jo‘natish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, ushbu majmuada joylashgan koronavirus bemorlarini qabul qilish-taqsimlash markazi Tojikistonda yagona hisoblanadi.
Markaz qurilishi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil martda Dushanbega amalga oshirgan tashrifi davomida O‘zbekiston hukumatining ma’qullangan loyihalaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, kelishuvlar doirasida 2020-yil sentabrda Spitamen tumanida qurilishi O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirilgan 630 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab foydalanishga topshirilgan edi.
Tojikiston hukumati bunga javoban Samarqandda maktab qurib beradi.