TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Futzal bo‘yicha OKMK futzal jamoasining 26 yoshli o‘yinchisi Timur Berdiyev vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar qilmoqda.
O‘FA Timur Berdiyevning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari va oila-a’zolariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirgan.
“Daryo” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, futzalchi 2021-yil 27-fevral, shanba kuni Andijondan Toshkentga “Matiz” avtomashinasida yo‘lovchi sifatida qaytayotgan bo‘lgan. Qamchiq dovonida esa “Matiz”, “Neksiya” va “Tiko” avtomobillari ishtirokida yo‘l transport hodisasi ro‘y bergan. YTH oqibatida Timur Berdiyev vafot etgan. “Tiko”da bo‘lgan bir nafar yo‘lovchi esa tan jarohati olgan. Hodisaning boshqa tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Timur Berdiyev 1995-yil tavallud topgan. Uning futzaldagi faoliyati havaskorlar ligasida boshlangan va “Ardus”, “Paxtakor” va OKMK futbol klublari safida to‘p surgan. Professional futbol ligasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Berdiyev 2021-yil qishki transferlar oynasida Bishkekning “Farvater” jamoasiga o‘tishi rejalashtirilgan edi.