TOShKENT, 27 fev – Sputnik. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ashxobod yubileyi nishonlanadigan kuni dunyoga keladigan bolalar uchun ismlar taklif qildi. Shanba kuni shu maqsadda maxsus hukumat komissiyasi tashkil etildi.
Joriy yil 25-may kuni mamlakatda Turkmaniston poytaxtining 140-yilligi nishonlanadi.
"Berdimuhamedov "25 may kuni birinchi bo‘lib dunyoga kelgan o‘g‘il bola chaqaloqqa Poytaxt yoki Ashxobod, qiz chaqaloqqa esa - Marjon yoki Maya, deb ism berilsa, bu ramziy ma’noga ega bo‘ladi", deya qayd etgan va tegishli rahbarlarga tug‘ilajak bolalar uchun sovg‘alar hozirlab qo‘yishni buyurgan.
Prezident shuningdek, Ashxobodda o‘tkaziladigan keng ko‘lamli ishlar haqida ham to‘xtalgan.
"Poytaxt - Osiyoning tan olingan marvarididir, erishilgan muvaffaqiyatlar va tashkil etilayotgan bayram tadbirlari - butun turkman xalqining faxri sanaladi", - deya qayd etgan hukumat yig‘ilishida Berdimuhammedov.
25 may kuni Ashxobodda jamoat transportida harakatlanish bepul bo‘ladi.