TOShKENT, 26 fev - Sputnik. Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi "Sputnik V" ga nisbatan ishonchni yo‘q qilishga harakat qilishmoqda, chunki u dunyodagi eng yaxshi preparatlardan biri va ular undan shunchaki qo‘rqishadi, deb bayonot qildi Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitriyev.
"O‘ylaymanki, bu yerda "Sputnik V"ning nafaqat xalqaro miqyosdagi tan olinishi, balki bizning jahon miqyosdagi yetakchiligimiz haqida gapirish mumkin... Biz kamtar, biroq haqiqatgo‘y bo‘lishimiz kerak. Bizning vaksinalarimiz dunyodagi eng yaxshilardan biri, bu rossiyalik olimlar tomonidan amalga oshirilgan eng katta qahramonlik, biz bu bilan faxrlanmog‘imiz darkor", - dedi Dmitriyev Rossiyaning virusologiya sohasidagi yetakchiligi tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochilishida.
"Rossiyaning ko‘pgina dushmanlari Rossiyaga bo‘lgan ishonchni yo‘qqa chiqarishga urinishdi, ammo biz shuni bilamizki, ular Rossiya vaksinasi dunyodagi eng yaxshilaridan biri bo‘lgani uchun ham ular shunchalar jadallik bilan bizning vaksinamizni obro‘sizlantirishga urinishmoqda, ular bizning preparatdan shunchaki qo‘rqishadi", - dedi u.
Lancet ilmiy jurnali sal oldin "Sputnik V" klinik tadqiqotlari uchinchi fazasi natijalarini e’lon qilgan edi. Xulosalar Rossiya vaksinasining yuqori samaradorligi va xavfsizligini tasdiqlagan. "Sputnik V" III faza klinik tadqiqotlari samaradorlik, immunogenlik va xavfsizlikning eng yuqori ko‘rsatkichlarini namoyon etdi - vaksina samaradorligi 91,6 %ni tashkil qildi. Vaksina yangi koronavirus infeksiyasi kasalligining eng og‘ir holatlaridan to‘liq himoya qiladi. "Sputnik V" vaksinasining qo‘llanilishi 30dan ortiq mamlakatlarda ma’qullandi. Rossiya vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan mamlakatlar aholisining umumiy soni 1,1 milliarddan ortiqdir.