TOShKENT, 25 fev — Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Toshkent viloyati hududida joylashgan Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi “Shovvozsoy” dam olish maskani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda dam olish maskani O‘zbekiston rahbariyati uchun qurilgani haqida xabardar paydo bo‘lgan edi.
Kompaniya bu asossiz va noxolis xabarlar ekanini ma’lum qildi.
Xabarda bildirishicha, O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 2010-yildagi qaroriga asosan, Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi “Shovvozsoy” o‘rmon xo‘jaligi yerlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga temiryo‘lchilar va ularning oila a’zolari, kompaniyaning xorijiy hamkorlari, mamlakat aholisi va chet ellik sayyohlar uchun zamonaviy ekoturizm maskanini barpo etish va mavjud ekotizimni saqlab qolish maqsadida ajratilgan.
Bu yerda 2011-yildan boshlab, ya’ni 10-yil davomida bosqichma-bosqich qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Barcha investitsiyalar temir yo‘l kompaniyasining budjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan daromadlari hisobidan amalga oshirilgan.
Kompaniya ma’lumotlariga qaraganda, o‘tgan o‘n yil davomida dam olish maskani qurilishiga sarflangan investitsiyalar hajmi 495 milliard so‘mni tashkil etdi. Shu bilan bir qatorda, milliy bog‘ hududida tabiat va hayvonot olamini saqlash va rivojlantirish uchun zarur infratuzilmalar yaratildi, obyektgacha elektr tarmoqlari tortildi, avtomobil yo‘li va kichik suv ombori barpo etildi.
© Uzbekiston temir yullari
Ayni paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “Nazarbek”, “Chimon”, “Xojikent”, “Omonxona” kabi dam olish maskanlari, shuningdek, “Shovvozsoy” majmuasi ham kompaniyada faoliyat yuritayotgan qariyb 90 ming temiryo‘lchilar va aholiga sifatli xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.
“Ushbu dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan shartnoma va yo‘llanmalar asosida, temiryo‘lchilar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, turli vazirlik, idora va davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, respublikamiz aholisi va chet ellik investorlar, hamkorlar va sayyohlarga ekoturizm va ekstremal turizm, salomatlikni mustahkamlash va qayta tiklash xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda”, - deyilgan rasmiy xabarda.
Kompaniya telegram kanalida dam olish maskanida hordiq chiqarayotgan insonlar tasvirlangan videorolik e’lon qilingan.
"Shovvozsoy" dam olish uchun ajoyib joy. Dam olish zonasi Ugam-Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining qo‘riqlanadigan hududida joylashgan. Bu yerda tabiat qo‘ynida oila, hamkasb va do‘stlar bilan unutilmasda hordiq chiqarish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan", — deyiladi rolik izohida.