TOShKENT, 24 fev - Sputnik. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda Airbus International kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse prezidenti Jak Garrig o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda fransuz kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarining hozirgi holati va istiqbolli rejalar muhokama etildi.
Xususan, Airbus Helicopters kompaniyasidan vertolotlar sotib olish, ushbu havo transport turida qatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali mazkur yo‘nalishda Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida yetakchi ishtirokchiga aylanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirishda xorijiy davlatlarning vertolotlar ekspluatatsiyasi va uchuvchilar uchun treninglar o‘tkazish bo‘yicha tajribalarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Airbus International kompaniyasi vakillari aeroportlarni boshqarish sohasida ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi. Uchrashuv davomida fransuz tomoni joriy yilning may oyida Fransiya savdo vazirining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muzokaralarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan ma’lumotlar almashish va istiqbolda hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olishdi.