TOShKENT, 24 fev — Sputnik. “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga “Sholini zamonaviy urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom” ilova qilingan.
Subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilgani bir yildan oshmagan yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ajratiladi.
Talabgor oldi-sotdi to‘g‘risida shartnomani tuzganidan so‘ng shartnoma shartlariga muvofiq texnikaning qiymatini to‘lab beradi.
“Qishloq xo‘jaligi texnikasi qiymatining 20 foizi miqdoridagi subsidiya pul mablag‘larini talabgorning arizada ko‘rsatilgan asosiy bank hisobraqamiga o‘tkazish orqali ajratiladi”, - deyilgan hujjatda.
Qaror loyihasida aytilishicha, nizom 2021-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.