TOShKENT, 23 fev - Sputnik. Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevning "O‘zbekiston Respublikasida koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash borasida rejalashtirilayotgan ishlar to‘g‘risida"gi axborotini eshitmoqdalar.
Deputatlar ta’kidlaganidek, ayni kunlarda koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxatiga jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari hamda jamoat transporti xodimlari, shuningdek chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar va mehnat migrantlari ham kiritilganligi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur ro‘yxatni adolatli tarzda qayta ko‘rib chiqishni taqoza qilmoqda.
Mazkur masala yuzasidan xalq vakillari tomonidan Hukumatga bir qator takliflar berildi.
Aholini emlash tadbirlariga jalb etiladigan tibbiyot va boshqa xodimlar joriy yilning fevral oyi yakuniga qadar koronavirusga qarshi emlash masalalari bo‘yicha qayta va to‘liq tayyorgarlikdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, emlanishi lozim bo‘lgan shaxslarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, 3 138 ta emlash punkti, 862 ta harakatdagi va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mavjud 1 ta markaziy, 14 ta hududiy hamda 206 ta tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalarini, ulardagi 457 ta sovutkich, 148 ta elektr generator, 121 ta termosumka va termokonteynerni shay holatiga keltirish ishlari olib borilmoqda.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish jarayoni mamlakat, xalq uchun eng muhim va dolzarb masalalardan biri ekanligidan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Koronavirusga qarshi emlash, jumladan, vaksinatsiya jarayonining ixtiyoriyligi, birinchi navbatda emlanishi nazarda tutilmagan aholi toifalarini emlash, vaksinatsiya natijasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar kabi masalalar bilan bog‘liq holatlarni qonuniy hal etish uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Xalqaro tajribadan kelib chiqib, xavf guruhiga kiruvchi shaxslarni birinchi navbatda emlash nazarda tutilmoqda.
Parlament eshituvida xalq vakillari keksa va nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ya’ni “Temir daftar”ga kiritilgan va nogironligi hamda surunkali kasalliklari bo‘lgan shaxslar, tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini birinchi navbatda emlash ishlarini tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, degan taklifni ilgari surdilar.
Xalq vakillarining hududlardagi faoliyati doirasida koronavirusga qarshi emlash ishlarining tashkil qilinish jarayonlari ustidan ham ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilishi aytib o‘tildi.