TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Toshkent viloyatida hokim qarorini soxtalashtirib, aslida yo‘q bo‘lgan uylarni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 17-fevral kuni Toshkent viloyati IIBBga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R.T. ariza bilan murojaat qilgan.
U murojaatida “Dilnura”, “Nodira” va “Aziz” ismli shaxslar Nurafshon shahrida joylashgan (aslida hech qayerda ro‘yxatda bo‘lmagan) 3 ta hovlini kadastr hujjatlarini qalbakilashtirib, 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘layotganini ma’lum qilgan. Ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
19 fevral kuni Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari va sohaviy xizmat xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Nurafshon shahrida yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan Dilnura A. (hozirda firibgarlik, va pora berish jinoyatlari bilan tergov ostida bo‘lgan), tanishlari 1997-yilda tug‘ilgan Aziz G‘. (2019 yilda firibgarlik jinoyati bilan sudlangan), va 1997-yilda tug‘ilgan Nodira I.lar ariza muallifidan talab qilingan pullarning 30 ming dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Ushlangan shaxslardan 30 ming dollar naqd pul, Nodira I. va Gulnora A. nomiga rasmiylashtirilgan Nurafshon shahar Navro‘z MFYda joylashgan 18-A va 18-B raqamli va Dilnura A. nomiga rasmiylashtirilgan “Istiqlol” MFYda joylashgan 10 raqamli uylarning qalbakilashtirilgan (hokim qaror va boshqalar) kadastr hujjatlari xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.
Hozirda qo‘shimcha surushtiruv ishlari olib borilmoqda.