Samarqand viloyati hokimi deputatlarga 50 mln so‘mdan pul ajratishni taklif qildi

Samarqand viloyatida kambag‘allikni qisqartirish uchun viloyat kengashi deputatlariga 50 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov kambag‘allikni qisqartirish uchun viloyat kengashi deputatlarining har biriga 50 million so‘mdan ajratishni taklif qildi.
Joriy yilning birinchi yanvar holatiga ko‘ra, “temir daftar”ga jami 16 mingt kambag‘al oilalar kiritilgan bo‘lib, ulardan 6 ming nafari mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar hisoblanadi. Viloyatda tajriba tariqasida ishsiz fuqarolarga oziq-ovqat bilan emas, balki zaruriy jihozlar bilan yordam berishga qaror qilindi. Ulardan foydalanib, oilalar doimiy daromad olishlari uchun imkoniyat yaratildi. Ushbu maqsadlar uchun fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan qariyb 9 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratildi. Bugunga qadar 1,5 milliard so‘mdan ziyod 771 ta turli xildagi asbob-uskunalar fuqarolarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda xarid qilinib, bag‘araz tarqatildi.
Samarqand viloyati aholisini kasb-hunarga o‘qitish uchun 10 milliard so‘m ajratilgan.
Qayd etilishicha, ba’zi kambag‘al oilalarga bir nechta tashkilotlar birdaniga yordam ko‘rsatmoqda, ayrim shu toifadagi oilalar esa e’tibordan chetda qolmoqda.
Bu borada esa deputatlar kengashi raisi har bir deputatga 50 million so‘mdan ajratishni taklif qildi.
Deputatlar o‘z okrugidagi kamida 10 ta kambag‘al oila ro‘yxatini shakllantiradi va bu xonadonlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, imtiyozli kredit ajratilishini nazoratga oladi. Ushbu mablag‘ hisobidan ularga yordam beradi.
“Biz viloyat kengashi deputatining har biriga 50 million so‘mdan pul bersak. Mana, mening taklifim. Misol uchun sizga 50 million so‘m beramiz. Siz unga xo‘jayinsiz. Tumanga borasiz, eng kambag‘al deb hisoblangan oilani ko‘rib, uning  muammolarini asoslab, o‘zingiz yechib berasiz. Muammoning yechimini ko‘rsating, pulni xohlagan ko‘rinishda olasiz”, - dedi Turdimov yig‘ilishda.
Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, buning uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan jami 3 milliard so‘m ajratiladi.