Farg‘onada hakamni tepgan va futboldan chetlashtirilgan futbolchi ozodlikka chiqarildi

Farg‘onada hakamni tepgani uchun 10-yilga futboldan chetlatilgan “Neftchi” futbolchisi ozodlikka chiqarildi.
Sputnik
TOShKENT, 20 fev — Sputnik. “Neftchi” — “Turon” uchrashuvida hakamni tepgan “Neftchi” futbolchisi Jamshid To‘raqulov ozodlikka chiqarildi. Bu haqda Farg‘ona klubi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Jamshid To‘raqulov bilan birgalikda Farg‘ona klubining boshqa bir futbolchisi Doston Toshmatov ham 19-fevral, juma kuni sud zalidan ozodlikka chiqarilgan.
O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyevning so‘zlariga ko‘ra, 15-fevral kuni o‘tgan sud majlisida Farg‘onadagi o‘yinni boshqargan hakamlarning o‘zlari ham ishtirok etib, futbolchilarga nisbatan hech qanday adovati yo‘qligi, ularning ozod etilishlariga qarshi emasliklarini bildirgan.
19 fevral kuni ertalab sud majlisi bo‘lib, kechga yaqin sud hukmi e’lon qilinib, futbolchilar ozodlikka chiqarilgan. Shuningdek, Murzoyev futbolchilarga nisbatan O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi tayinlagan jazolar hali amaldaligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha O‘zbekiston Pro Ligasining 2019/20 yilgi mavsumi 20-turidan o‘rin olgan “Neftchi” — “Turon” uchrashuvidan keyin “Neftchi” futbolchilari va muxlislari hakamlarga hujum qilishgandi.  O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi “Neftchi” klubi futbolchisi To‘raqulov uchrashuv bosh hakamga qasddan tan jarohati yetkazgani uchun unga 10 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlatish intizom chorasini qo‘llangandi.