TOShKENT, 19 fev - Sputnik. O‘zbekiston va Tojikisiton orasida quvvati 500 kV bo‘lgan "G‘uzor-Regar" (L-507) elektr tarmog‘ini tiklash boshlandi, deb xabar qilmoqda Energetika vazirligi.
Mazkur loyiha – O‘zbekiston va Tojikiston energetika tizimlarining parallel ishlashi vaqtida elektr energiyasi ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi- , deyiladi xabarda.
Ayni paytda loyiha doirasida 500 kVli G‘uzor – Regar elektr uzatish tarmog‘ining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi 63 kilometr uzunlikdagi qismini qayta qurish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu ishlar joriy yilning to‘rtinchi choragida yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Tojikiston orasida energetika va suv resurslari muvozanatini saqlash, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash borasida bir qator investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Yuqorida qayd etilgan "G‘uzor-Regar" elektr tarmog‘ini tiklash loyihasi ham Tojikiston va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasi asosida amalga oshirilmoqda.