Rog‘un: Markaziy Osiyodagi eng yirik GESga 184 million dollar ajratiladi

Tojikiston hukumati bu yil Rog‘un GESi qurilishiga 184,5 million dollar ajratish rejalashtirgan. Ayni vaqtda ishchi guruh xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Sputnik
TOShKENT, 19 fev — Sputnik. Bu yil Rog‘un GESi qurilishiga 184,5 million dollar ajratish rejalashtirilgan, dedi Tojikiston moliya vazirining o‘rinbosari Jamshid Karimzoda.
Sarez ko‘li: “Uyqudagi ajdar” bezovtalanmasligi uchun nimalar qilinmoqda?
U 2020-yilda davlat budjetidan 2,2 milliard somoniy, yana bir milliard qo‘shimcha moliyaviy manbalardan ajratilganini ma’lum qildi.
Karimzodaning ta’kidlashicha, joriy yilda Tojikiston hukumati Rog‘un GESi uchun mablag‘ni maksimal darajada oshirishga harakat qiladi.
Xususan, hozirgi paytda hukumat ishchi guruhi xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan yevroobligatsiyalar orqali jalb qilish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Rog‘un GESi qurilishi 2007-yilda boshlangan. Gidroelektr stansiyasining birinchi gidroelektr agregati 2018-yil noyabr oyida, ikkinchisi o‘tgan yilning sentabr oyida ishga tushirilgandi.
Rog‘un gidroelektrostansiyasi – Vaxsh darosidagi 9-chi kaskada GES hisoblanadi. U Dushanbedan 110 km sharqda joylashgan. GES loyihasi bo‘yicha u 6 ta agregatdan iborat, har birining quvvati 600 MVtni tashkil qiladi.   
Stansiya tosh-quyma to‘g‘onining balandligi 335 metrni tashkil qiladi. U dunyoda bunday turdagi GESlar orasida eng baland bo‘ladi. Loyiha bo‘yicha stansiya quvvati 3600 MVt tashkil qilib, u Markaziy Osiyoda eng yirik GES bo‘ladi.