TOShKENT, 19 fev – Sputnik. 2001-2005 yillarda AQSh harbiylari xizmat qilgan O‘zbekistondagi Xonobod aviabazasida toksik zaharlanish holatlari aniqlanmagan. Bu yerda xizmat qilayotgan O‘zbekistonlik harbiylar har bir parvoz oldidan tekshiruvdan o‘tmoqda, dedi Mudofaa vazirligining matbuot kotibi Bahrom Zulfiqorov.
“AQSh harbiylari bu yerda 5-yil yashagan bo‘lsa, o‘zbekistonlik harbiylar bu yerda 15-20 yildan buyon hizmat qilmoqda. Ayrim texnik mutaxassislar bu yerda bir umr ishlaydi. Lekin ularda amerika askarlarida qayd etilgan holatlar aniqlanmagan”, - dedi Zulfiqorov jurnalistlarga.
Mudofaa vazirligi kotibining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda xizmat qilayotgan harbiy uchuvchilar nafaqat har mavsumda, balkim har bir parvoz oldidan ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Undan tashqari bu yer harbiy qism bo‘lgani uchun unda radiatsiya va boshqa muhitni har soatda tekshirib turadigan aspoblar bor va agar normadan biror o‘zgarish sodir bo‘lgan taqdirda darhol “trevoga” ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp, ketishidan bir kun oldin, 2000-yillar boshida O‘zbekistonda xizmat qilgan harbiylarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus buyruq imzolagan edi. Unda aytilishiga ko‘ra O‘zbekistonda xizmat qilganlarning 75% (11 mingdan ortiq) saraton va boshqa turli kasalliklarga chalingan.
Mudofaa vazirligi matbuot kotibining aytishiga qaraganda, Xonoboddagi harbiy bazada radiatsion yoki toksik zaharlanish bo‘lishi – haqiqatdan yiroq. Va aksincha, bunday xabarlar O‘zbekiston imidjiga va turistik potensialiga zarar yetkazishi mumkin.
Ushbu munosabat bilan Mudoffaa vazirligi diplomatik kanallar orqali AQShga ushbu masala borasida rasmiy munosabat bildirilishini ma’lum qildi.