TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Ashxobod shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan qabul qilindi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Vazir mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktubini Turkmaniston prezidentiga topshirdi.
Uchrashuv chog‘ida oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi yuzasidan fikr almashinildi.
Qayd etilganidek, ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi natijasida davlatlararo munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalar salmoqli darajada faollashdi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Muloqotda Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, yangi mintaqaviy bozorlarga chiqish uchun infratuzilmaviy va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalro O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘istonga amaliy tashrif bilan borishi xabar qilingan edi.