O‘zbekistonda birinchi navbatda kimlar bepul emlanishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston 2021-yil oxiriga qadar aholining kasallikka qarshi eng himoyasiz hamda birlamchi xizmat ko‘rsatuvchi soha vakillari - shifokor, o‘qituvchi va IIV xodimlarini to‘liq emlashni rejalashtirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 16 fev - Sputnik. O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash boshlanmoqda. Maxsus komissiyaning 15-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida vaksinatsiya o‘tkazish tartibi va aholining qaysi toifasi birinchi navbatda bepul emlanishi masalasi muhokama qilindi
O‘zbekistonda birinchi navbatda yoshi katta, surunkali kasalligi bor va birlamchi xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, o‘qituvchi, IIO xodimlari va hokazo) joriy yil oxirigicha koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq emlash rejalashtirilgan, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muxtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini vaksina bilan emlash bepul tarzda ya’ni budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistonda Innovatsiya vazirligi boshchiligida Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi bilan hamkorlikda ZF-2001 rekombinant vaksinasining 3-faza klinik sinov bosqichi o‘tkazilmoqda. Hozirga qadar 3-faza klinik sinovi doirasida 6697 ta ko‘ngillilar vaksinaning 1-dozasi bilan emlangan bo‘lsa, yana 1209 tasi 2-dozani ham qabul qilganlar.
O‘zbekiston Xitoy bilan birgalikda vaksina ishlab chiqishda ishtirok etadi
Klinik sinovning dastlabki natijalariga ko‘ra, vaksina qabul qilganlar orasida 1-darajali nojo‘ya ta’sirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) 5 nafar shaxsda kuzatilgan yoki 0.3%ni tashkil etgan xolos (solishtirish uchun, bu ko‘rsatgich "Pfizer/Biontech"da 2-3.8%, "Sputnik V"da esa 0.3-0.4%ni tashkil etgan). 2- va 3-darajali nojo‘ya ta’sirlar esa kuzatilmagan.
Ushbu klinik sinovning muvaffaqiyatli natijalari ortidan Innovatsiya vazirligi O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda.
Agar maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilgan taqdirda, vaksina yaratilishida hamkor tomon sifatida O‘zbekistonga vaksina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi. Shuningdek, mamlakatda vaksina ZF-UZ-2001 nomi ostida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Maxsus komissiya raisiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmatsevtika kompaniyalarimiz bilan hamkorlikda ZF-UZ-2001 vaksinatsini joriy yilda 300 mln. donagacha ishlab chiqishi va yetkazib berishi mumkin. Bu esa joriy yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, Hukumat rahbari Xalqaro Vaksinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan O‘zbekistonga 2.5mln. ga yaqin Astra-Zeneca vaksinalarini bepul yetkazib berilishi bo‘yicha ham muzokaralar yakunlanayotganini ma’lum qildi. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaksinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda.