TOShKENT, 16 fev — Sputnik. 2021 yil 12-fevraldan boshlab Turkiyaning Bursa hududidan O‘zbekistonga pomidor va qalampir urug‘liklarini olib kelish vaqtinchalik taqiqlandi. Bu haqda “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati xabar qilmoqda.
Bunga mazkur hududda joylashgan “Bursa Tohumculuk Ziraat ve Tic.A.S.” korxonasidan O‘zbekistonga keltirilgan 85 kilogramm pomidor urug‘ida Pomidor jigarrang bujmayish virusi (Tomato brown rugouse fruit virus) aniqlangani sabab bo‘lgan.
Holat bo‘yicha 11-fevral kuni mahsulotlarni olib kirishda belgilangan fitosanitariya talablari buzilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma Turkiyaning o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha milliy tashkilotiga yuborilgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar Turkiyaning vakolatli organidan “O‘zdavkarantin” inspeksiyasiga javob xati kelib tushmagan.
Inspeksiya import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ekish materiallari, ko‘chat hamda urug‘liklarni respublika hududiga olib kelish jarayonida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasini oldindan xabardor qilishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.
Bunda, mahsulot import qilingunga qadar eksportor davlatning karantin xizmati bilan “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi mas’ullari bog‘lanib, mahsulot haqida batafsil ma’lumot to‘planadi.