Toshkent – Namangan – Andijon yo‘nalishida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi

64/63-sonli Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi Namangan vokzali orqali qatnovini amalga oshiradi.
Sputnik
TOShKENT, 15 fev — Sputnik. 2021-yil 16-fevral kunidan boshlab  Toshkent – Namangan – Andijon yo‘nalishida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar qilmoqda.
64/63-sonli Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi Namangan vokzali orqali qatnovini amalga oshiradi.
Mazkur poyezdlar haftada ikki marotaba,  ya’ni 64-sonli yo‘lovchi poyezdi haftaning seshanba va juma kunlari Toshkent – Namangan – Andijon yo‘nalishida,  63-sonli yo‘lovchi poyezdi esa haftaning chorshanba va shanba kunlari Andijon – Namangan – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadi.  
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Urganch – Farg‘ona yo‘nalishida muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilgani xabar qilingan edi.