TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekistonda ommaviy tartibsizlikka da’vat qilganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.
“Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari tomonidan ishlab chiqilgan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirovning yozishicha, Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Ushbu moddada hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun jarima yoki 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga qo‘shimcha kiritilmoqda.
Unda fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun BHMning bazaviy 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Bundan tashqari, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasi 1-qismi qo‘shimcha bilan to‘ldirilmoqda. Unda veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi sahifasida:
- ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish;
- jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatish;
- jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga (milliy va umuminsoniy qadriyatlarga) hurmatsizlikni namoyon etuvchi beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
- pornografiya, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilish, shuningdek o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish;
- voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga yoxud o‘zga shaxslarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga va boshqa tarzda jalb qilishga yo‘naltirilgan axborotni tarqatish;
- referendum to‘g‘risidagi va saylov haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaslik;
- fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini ularning roziligisiz joylashtirish;
- hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifalarining, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlarining monitoringini ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan axborot va materiallarni aniqlash maqsadida amalga oshirishi taqiqlanmoqda.
O‘ziga xabar yuborilishi uchun internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlariga elektron pochta manzilini, qonunni buzgan holda tarqatilayotgan axborot to‘g‘risida murojaatlar yuborilishi uchun o‘z ism-sharifining bosh harflarida, familiyasini (jismoniy shaxs uchun) yoki nomini (yuridik shaxs uchun) joylashtirishi shartligi belgilanmoqda.
Qonunning 12-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan axborot aniqlangan taqdirda, ushbu ma’lumotlardan foydalanishni cheklash choralarini darhol ko‘rishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, o‘z veb-saytida va (yoki) veb-sahifasida internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining domen nomlari tizimida izoh beruvchi shaxslar turgan mamlakatni identifikatsiyalovchi noyob manzil (IP-manzil) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirishi shart ekanligi belgilanmoqda.