Shavkat Mirziyoyev aholini COVID-19 ga qarshi emlashni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligiga birinchi navbatda emlanishi zarur bo‘lgan aholi toifasini belgilab, elektron ro‘yxatini shakllantirish vazifasi topshirildi.
Sputnik
TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarurligini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi emlash - eng dolzarb ma’lumot
“Sog‘liqni saqlash vazirligiga birinchi navbatda emlanishi zarur bo‘lgan aholi toifasini belgilab, elektron ro‘yxatini shakllantirish, oilaviy poliklinika va qishloq shifokorlik punktlaridagi 3 mingdan ziyod emlash bo‘limlari va qo‘shimcha 800 ta mobil brigada tashkil etish vazifasi qo‘yildi”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov 2021-yil yakuniga qadar aholining 20 foizi koronavirusga qarshi emlanishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyida koronavirusga qarshi vaksina keltiriladi. Bunda birinchi navbatda 85 yoshdan oshganlar, undan keyin 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lganlar, keyingi bosqichda esa 65 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lganlar emlanadi.