Adliya vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

Prezident farmoniga ko‘ra, tashkiliy, ijro va nazorat faoliyatining yagona tizimi joriy etiladi. Shu munosabat bilan Adliya vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Sputnik
TOShKENT, 11 fev — Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Prezident imzolagan farmonga ko‘ra, tashkiliy, ijro va nazorat faoliyatining yagona tizimi joriy etiladi.
Farmon bilan qonunlar, prezident farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
  • qonun hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlarni olib borish va joylardagi holat monitoringini yuritish;
  • davlat organlari va tashkilotlarining qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyatini OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostida yoritish va muhokama qilish ishlarini tashkil etish;
  • qonun hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash;
  • davlat organlari va tashkilotlariga qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy ko‘maklashish.