TOShKENT, 10 fev - Sputnik. 2021-yil 1-martdan boshlab beshta davlat bilan vizasiz rejimni joriy etadi. Bu prezident tomonidan imzolangan "O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda ko‘zda tutilgan.
"O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddatga o‘z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilansin", - deyiladi hujjat matnida.
Shuningdek, Transport-logistika masalalarini tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiya quyidagi vakolatlar berilmoqda:
- xorijiy va mahalliy aviakompaniyalarning turizm va investitsiya yo‘nalishlarida aviaparvozlarni tashkil etish hamda faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan nizolarni muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan tezkorlik bilan hal etish;
- aviaparvozlarga ruxsat olish tizimini soddalashtirish, loukosterlarni jalb etish, parvozlar geografiyasini "bog‘lash" prinsipi orqali kengaytirishga to‘sqinlik qiluvchi muammoli masalalarni tezkor ko‘rib chiqish va ularni hal etish;
- "Ochiq osmon" rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yo‘nalishlar ochish bo‘yicha xorijiy kompaniyalarni jalb etish,
- ularning loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish;
- aeroportlarda quruqlikda xizmat ko‘rsatish (ground handling) sohasini takomillashtirish, belgilangan narxlarni qayta ko‘rib chiqish va maqbullashtirish orqali investitsiyalarni jalb qilish;
- hududlararo yo‘nalishli avtotransport qatnovlarini kengaytirish, yangi qatnovlarni tashkil etish, shuningdek, ushbu sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal qilish choralarini ko‘rish;
- temir yo‘l transporti, shu jumladan temir yo‘l vagonlari va konteynerlar orqali tashish tizimiga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish tartibini takomillashtirish, bu yo‘nalishdagi muammolarni tezkorlik bilan hal qilish.
Belgilanishicha, 2021-yil 1-martdan boshlab Tashqi ishlar vazirligining mas’ul shaxslari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlagan taqdirda, ularga Qo‘mita taklifiga muvofiq mukofot to‘lanadi, prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilishga oid 2021-yil bo‘yicha asosiy prognoz ko‘rsatkichlarini hamda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqlash yuklatilgan.
Har oy yakuni bo‘yicha tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilishi belgilangan.