TOShKENT, 9 fev - Sputnik. Dunyoning o‘nlab davlatlari "Sputnik V" vaksinasi ortida navbatda turibdi, dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova.
"Bugungi kunda Rossiya vaksinasining samaradorligi - bu tasdiqlangan fakt. Men buni maqtanish uchun aytmayapman, bu haqida hamma gapirmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan barcha kontinentlarda davlatlar unga navbatda turibdi", - dedi Zaxarova.
Eslatib o‘tamiz, Lancet tibbiy jurnali bir necha kun oldin "Sputnik V" vaksinasining uchinchi bosqichi samarali yakunlangani haqida maqola chop etgan edi. Unda aytilishiga ko‘ra, klinik sinovlarning III bosqichida 20 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan va vaksina yuqori xavfsizlik va 91,6 % samaradorlik ko‘rsatgan.
Rossiyada "Sputnik V" ishlab chiqarish hajmi oy sayin oshib bormoqda. Xususan yanvar oyida 7 million doza ishlab chiqarilgan bo‘lsa, Fevralda 11 mln, mart oyida 15 mln doza ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Rossiyada ushbu vaksina bilan emlangan fuqarolar soni 3 million kishidan oshib ketdi. Shuningdek "Sputnik V" dunyoning 21 davlatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va foydalanishgan ruxsat berilgan: Belarus, Argentina, Boliviya, Serbiya, Aljir, Falastin, Venesuela, Paragvay, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Vengriya, BAA, Eron, Gvineya, Tunis, Armaniston, Meksika, Nikaragua, Bosniya va Gersegovina, Myanma va Livan.
Undan tashqari "Sputnik V" vaksinasini Qozog‘istonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Hindistonda ayni damda yo‘lga qo‘yilmoqda. Germaniya ham Rossiya bilan bu borada muzokaralar olib bormoqda.