TOShKENT, 9 fev - Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining maxsus vakili Mariya Zaxarova Aleksey Navalniy va uning tarafdorlarini, jumladan "Navalniy shtabi"ning boshlig‘i Leonid Volkovni va FBK direktori Vladimir Ashurkovni muxolifat deb atashni bas qilishga va ularni - NATOning ta’sir agentlari deb atashni taklif qildi.
"Umuman ularni muxolifat deb atashni bas qilish kerak. Muxolifat - bu boshqa narsa. Ular - ta’sir agentlari va men buni sizga hozir isbotlab beraman, - dedi Zaxarova. - Esingizda bo‘lsa, 4-fevral kuni Volkov qish vaqti boshqa namoyishlar o‘tkazmasliklarini va aksiyalar bahor va yozda bo‘lib o‘tishini e’lon qilgan edi. Bugun ertalab esa butunlay boshqa narsani, aksiyalar fevralda ham davom etishini e’lon qilishdi.
Xo‘sh, shu kunlar 4-9 fevral orasida nima sodir bo‘ldi? Afsuski hammasi o‘ta oddiy va achinarli... Kecha Brusselda Polsha, YeI, AQSh va Britaniya vakillarining Volkov va Ashurkov bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvning kichik bir ahamiyatli tomoni bor. Bu YeI davlatlari + Britaniya va AQSh, ya’ni bu - NATO. Demak kecha ular NATO vakillari bilan suhbat qilishgan va qanday yo‘l tutish bo‘yicha tuliq yo‘riqnomalar olishgan. Menimcha, ularga bahor yoki yozni kutib o‘tirishning keragi yo‘qligini va vaziyatni "tebratishda" davom etishni buyurishgan", - dedi Zaxarova.
TIV rasmiy vakili aytishiga ko‘ra, ushbu uchrashuv ham Rossiyada vaziyatni destabilizatsiya qilishga qaratilgan.
"Buni qanday yashirmang, nima deb atamang, bu - suveren davlatda vaziyatni beqaror qilish uchun ta’sir agentlari bilan uchrashuv. Buni boshqa nom bilan atab bo‘lmaydi", - dedi Zaxarova Birinchi kanal efirida.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy shartli qamoq jazosini o‘tash qoidalarini buzgani uchun Rossiya prokuraturasi tomonidan jazo chorasini amaliy qamoqqa almashtirish to‘g‘risidagi qarori bilan 2-yil 4 oy muddatga qamalgan edi. Shundan so‘ng butun Rossiya bo‘ylab Navalniy tarafdorlarining norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi.