TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Toshkent shahar IIBB ichki ishlar organlari xodimining formasini kiygan erkak avtotransport kapotida bo‘la turib yo‘l bo‘ylab harakatlangani tasvirlangan video yuzasidan munobat bildirdi.
Video 6-fevral kuni internet tarmog‘ida tarqalgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yil 18-yanvar kuni 24 yoshli Abdurahmon Z. tanishi 24 yoshli Alim K. bilan birga videlavha suratga olish niyatida do‘konlardan birida ichki ishlar organi xodimining formasini ijaraga olishgan. Shuningdek bozordan yo‘l-patrul xizmati xodimining jezliga o‘xshash jezl ham xarid qilishgan.
Mazkur shaxslar tanishi 34 yoshli Otabek K.dan «VAZ-2106» avtomobilni vaqtinchalik foydalanish niyatida olishgan, ammo uni boshqarishga huquqlari bo‘lmagan.
Shundan so‘ng Yunusobod tumani Turg‘unboyev ko‘chasi “Iftixor” mahallasida Alim K. ichki ishlar organi xodimining formasini kiygan holda qo‘lida jezl bilan avtomobil kapotiga yotgan.
“Shu tarzda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining obro‘ va sha’nlariga zarar yetkazuvchi videolavha suratga tushirilib, internet tarmog‘ida tarqatilgan”, - deyilgan xabarda.
Ikkala shaxsga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining mayda bezorilik va vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish moddalari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, Abdurahmon Z.ga nisbatan transport vositasini ishonchnomasiz boshqargani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil esa jarima maydonchasiga joylangan.
Yunusobod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan Alim K. va Abdurahmon Z.larga nisbatan besh sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.