TOShKENT, 8 fev — Sputnik. 2021-yil 1-apreldan boshlab avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ham amalga oshirilishiga imkoniyat yaratiladi. Vazirlar mahkamasining tegishli qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Bunda davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi.
IIV Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar:
- avtomobil oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish jarayonining avtomatlashtirilishini;
- ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati YaIDXP orqali ko‘rsatilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan axborot tizimlarining o‘zaro integratsiya qilinishini;
- YaIDXPda foydalanuvchining shaxsiy kabinetida shu foydalanuvchiga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomat tarzda joylashtirilishi va real vaqt rejimida yangilanib borilishini;
- davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘langan to‘lovlar Yagona billing tizimi orqali elektron tarzda amalga oshirilishini ta’minlashi zarur.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019-yil 5-avgustdan 2020-yil 31-dekabriga qadar “tonirovka” uchun 82 125 ta ruxsatnoma berilgan. Jami 302 mlrd 635 mln so‘m pul mablag‘lari Hukumat qaroriga asosan to‘lov sifatida undirilgan.