TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida aerodrom qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Mazkur aerodrom qurilishi uchun tumanning “Novobod” MFY hududidan j’mi 4,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Uchish va qo‘nish maydonchasining uzunligi 650 metr va eni 100 metrni tashkil etadi.
Loyiha qiymati 12 mlrd so‘mdan iborat. Qurilish ishlarini may oyiga qadar yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.
Aviaqatnovlarga O‘zbekistondagi “Humo Air” aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda “O‘zbekiston havo yo‘llarining” “Uzbekistan Helicopters” MChJga qarashli MI-8 vertolotlarini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transporti orqali aholiga maqbul narxlarda qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingan edi. Farg‘ona viloyati hokimligiga bir oy muddatda tumanda samolyot va vertolotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.