TOShKENT, 6 fev - Sputnik. Andijon viloyati Jalaquduq tumanida o‘z xizmat vazifasidan foydalanib bankomatlardan 345,5 mln so‘mni o‘zlashtirgan bank mutaxassisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri Bosh prokuratura matbuot-xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovga tayanib xabar bermoqda.
AT "Xalq banki" tuman filialining murojaatiga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jalaquduq tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda bankning bosh mutaxassisi Z.I. 2020-yilning dekabr va joriy yilning yanvar oyida tuman dehqon bozorida o‘rnatilgan bankomatlardan jami 345,5 mln so‘m naqd pulni olishga erishganligi aniqlangan.
Bank mutaxassisi ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab, o‘zining ixtiyorida bo‘lgan juda ko‘p miqdordagi mulkni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Z.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.