Rossiyaliklar Samarqand jamoat transporti tizimini qayta tashkil etadi

Ishlab chiqilayotgan reja asosida jamoatchilik fikri o‘rganiladi va yangi tizim joriy yilning 1-sentabrigacha tayyorlanadi
Sputnik
TOShKENT, 5 fev - Sputnik. Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasida shahar transport tizimini raqamlashtirish bosh rejasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning "SIMETRA" kompaniyasi tomonidan Samarqand shahri ko‘chalarining yangi, raqamlashtirilgan konsepsiyasi loyihasining taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda "Zarafshon" nashri.
Samarqandda ShHT sammitiga tayyorgarlik qizg‘in - Sputnik reportaji
Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida faoliyat olib boruvchi mazkur kompaniya Moskva, Chelyabinsk, Olma ota, Kishinyov, Krasnodar kabi shaharlarda transport sohasida ishlab tajriba orttirgan.
Ayni kunlarda mazkur kompaniya mutaxassislari shahar ko‘chalaridagi holatni o‘rganib, tahlil qilmoqda. Samarqand shahri va uning atrofidagi 40 kilometr hududda jamoat transporti harakatini tartibga keltirish bo‘yicha reja ustida ish olib bormoqda.
"Samarqand tarixiy shahar bo‘lgani uchun ham tuzilayotgan loyihalarimiz boshqalardan butunlay farq qiladi, - deydi "SIMETRA" kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Kristian Bottger. – Qadim shaharning jamoat transporti tubdan o‘zgarishi kerak. Turli davlatlardan kelayotgan sayyohlarga zamonaviy xizmat turlari tashkil etilmoqda. Jumladan, yo‘lovchi tashish xizmati ham shunga mos bo‘lishi kerak. Ishlab chiqayotgan rejamiz asosida jamoatchilik fikrini o‘rganamiz va yangi tizimni joriy yilning 1-sentabrigacha tayyorlaymiz".
Samarqand yangi aeroporti 1-sentabrdan ishga tushadi
Samarqandda YuNESKO nazoratidagi madaniy-meros obyektlari juda ko‘p. Bu esa xorijlik mutaxassislar uchun yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaydi.
"Samarqand shahriga kuniga tumanlardan 114 ming yo‘lovchi keladi, - deydi Transport vazirligi qoshidagi transport muammolarini o‘rganish markazi direktori Murod Obidov. - Shaharda harakatlanayotgan 500 dan ortiq jamoat transporti yordamida 140 mingdan ko‘proq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Ishlab chiqiladigan loyihada aynan mana shu omillar inobatga olinadi".
To‘plangan ma’lumotlar asosida bir nechta zamonaviy loyihalar ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladigan bo‘ldi.